×
Menu
Close Menu

​Samarqand davlat tibbiyot universitetida "Fundamental, amaliy tibbiyot va farmatsiya yutuqlari" nomli talabalar va yosh olimlarning 78-xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

  Joriy yilning 17-may kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida "Fundamental, amaliy tibbiyot va farmatsiya yutuqlari" nomli talabalar va yosh olimlarning 78-xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida Xitoy Xalq Respublikasi, Germaniya Federativ Respublikasi, Koreya va Hindiston Respublikalari, Rossiya Federatsiyasi, Pokiston Islom Respublikasi, Qozog‘iston, Belarus,  Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalarining 80 dan ortiq oliy tibbiy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot markazlari hamda yurtimizning barcha tibbiyot oliy ta’lim  muassasalaridan talabalari va yosh tadqiqotchilar ishtirok etdilar.

  Konferensiyaning Samarqand Shahar Yoshlar markazida bo‘lib o‘tgan tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash Vazirining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Davron Sultanov hamda SamDTU rektori, professor Jasur Rizayev so‘zga chiqib, tashkil etilgan mazkur konferensiyaning Respublikamizda ilmiy va amaliy tibbiyotning yanada rivojlanishi, xalqaro maydon bilan tajriba almashishning kengayishidagi ahamiyati haqida so‘z yuritib, barcha ishtirokchilarga omad tiladilar. Ochilishning keyingi qismi bayramona tarzda kuy-qo‘shiqlar, qiziqarli chiqishlar bilan ko‘tarinki ruhda davom etdi.

  Ochilish marosimidan so‘ng konferensiya o‘z ishini 25 ta sho‘ba bo‘yicha davom ettirdi. Konferensiya sho‘balarida jami 2 000 dan ortiq talabalar va yosh tadqiqotchilarning onlayn va oflayn rejimdagi ilmiy taqdimotlari namoyish etildi. Yakunda anjuman ishtirokchilariga diplom, sertifikat hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

  Quvonarli holatlardan yana biri, bugun Samarqand davlat tibbiyot universitetining ta’lim dasturlari “ECAQA” (Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida akkreditatsiya va sifatni ta’minlash bo‘yicha Yevrosiyo markazi) mustaqil akkreditatsiya va reyting agentligi tashqi ekspert komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tganligi tasdiqlanib, SamDTU rektori, professor Jasur Rizayevga sertifikatlar topshirildi.

  Akkreditatsiya jarayonida universitet ta’lim yo‘nalishlarining Tibbiy Ta’lim Butunjahon Federatsiyasi (World Federation of Medical Education – WFME), Oliy ta’limda Sifatni Ta’minlash Evropa Assotsiatsiyasi (European Association for Quality Assurance in Higher Education – ENQA) hamda Osiyo Tinch Okeani hududi Sifat Registri (Asia Pacific Quality Registr – APQR) standartlariga muvofiqligiga ijobiy baho berilgan.

 Akkreditatsiya yakuniy natijalariga ko‘ra universitetning “Davolash ishi”(o‘zbek, rus va ingliz tillarida) hamda “Stomatologiya” ta’lim dasturlari WFME Portal bazaviy tibbiy ta’limning akkreditatsiya qilingan ta’lim dasturlari portalida joylashtiriladi.

  Ta’kidlash joizki, xalqaro akkreditatsiyadan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma ta’lim va xizmatlarning sifati, ularning xalqaro talablarga muvofiqligi kafolatlarini tasdiqlaydi va ushbu dasturlar bo‘yicha oliy ta’lim to‘g‘risidagi diplom butun dunyoda tan olinadi. Bu esa universitet bitiruvchilari uchun xalqaro miqyosda katta imkoniyatlarni ochadi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

  Samarqand davlat tibbiyot universitetida bo‘lib o‘tgan «Fundamental, amaliy tibbiyot va farmatsiya yutuqlari» talabalar va yosh olimlar anʼanaviy 78- Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi talabalar va yosh olimlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish, ularning salohiyati va ilmiy yutuqlaridan samarali foydalanish, fundamental va klinik fanlar o‘qitish sifatini yanada oshirish, mamlakatimizda tibbiyot sohalarini rifojlantirish hamda oliygohlarni xalqaro hamkorligini rivoj toptirishga xizmat qiladi.


SamDTU matbuot xizmati