9-aprel kuni taniqli shifokor, mahoratli rahbar Ne’matjon Isomovich Xodjayev olamdan o‘tdi.
Ne’matjon Xodjayev 1949-yil 21-mayda Samarqand shahrida tug‘ilgan.1967-yilda Samarqand shaharidagi 21-son o‘rta maktabni “Oltin medal” bilan tugatib, Samarqand davlat tibbiyot institutinining davolash fakultetiga o‘qishga kirdi. 1973-yilda mazkur oliy ta’lim dargohini a’lo baholar bilan bitirib, davolovchi vrach ixtisosligini oldi. 1973-1974-yillar davomida internatura ta’limini olib, vrach-terapevt mutaxassisligi sohibi bo‘ldi. Umrining yarmidan ko‘p yillarini asta asta ko‘tarilgan zinalar bilan turli bosqichdagi rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritdi.
Ne’matjon Isomovich Xodjayev 1979-1993-yillarda Samarqand tumani Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi, tuman Bosh davlat sanitariya vrachi, 1993-1998-yillarda Samarqand tuman hokimining ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, Samarqand tuman markaziy shifoxonasi bosh vrachi, 1998-2006-yillarda Samarqand viloyat Bosh davlat sanitariya vrachi, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi vazifalarida ishladi.
Ne’matjon Isomovich 2006-2009-yillarda viloyat hokimligi sog‘liqni saqalash boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib, aholiga yuqori malakali, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish, tibbiyot muassasalarining moddiy texnika bazasini musathkamlash hamda profilaktika ishlarining samaradorligini oshirish borasidagi ishlarga katta hissa qo‘shdi.
Ne’matjon Isomovich 2005 - 2015 yillarda Samarqand davlat tibbiyot instituti o'rindoshlik assistenti, 2015-yil Samarqand davlat tibbiyot instituti "Ijtimoiy salomatlik, umumiy gigiyena va ekologiya kafedrasi mudiri, 2015 - 2022 yillarda Samarqand davlat tibbiyot universiteti diplomdan keyingi ta’lim fakulteti ijtimoiy salomatlik va sog‘liqni saqlash tashkillashtirish kafedrasi o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritgan.
Ne’matjon Xodjayev viloyatimizda yuqori malakali tibbiyot xodimi sifatida zamonaviy bilimga ega tibbiyot xodimlarini tayyorlash, sog‘lomlashtirish-profilaktik tadbirlar sifatini yuksaltirish borasida samarali ish olib borgan tajribali rahbar edi.
Ne’matjon Isomovich viloyatimizda sog‘liqni saqlash tizimini xalqaro andozalar asosida rivojlantirish, aholi salomatligini ishonchli muhofaza qilishga qo‘shgan munosib hissasi hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun Orden va «Sog‘liqni saqlash a’lochisi» hamda bir qator boshqa ko‘krak nishonlar sohibi bo‘ldi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti jamoasi hamda viloyat tibbiyot xodimlari nomidan marhumning oila a’zolari va shogirdlariga hamdardlik bildiramiz.