Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​Samarqand davlat tibbiyot universitetida «Respirator terapiya, O‘SV, o‘pkaning sun’iy va yordamchi ventilyatsiyasi rejimlarining zamonaviy muammolari» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi

  Joriy yilning 5-6-aprel kunlari Samarqand davlat tibbiyot universitetida «Respirator terapiya, O‘SV, o‘pkaning sun’iy va yordamchi ventilyatsiyasi rejimlarining zamonaviy muammolari» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. Anjumanda Samarqand davlat tibbiyot universiteti, Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filiali, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini oshirish markazi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, «Chirana Asia» Slovakiya-Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi, Akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, hamda Rossiya, Slovakiya va O‘zbekistonlik mutaxassislar ishtirok etdi.

  Zamonaviy tibbiyotda anesteziologiya va reanimatologiyaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjumanni SamDTU rektori Jasur Rizayev ochib berdi hamda tashkil etilgan konferensiyaning nechog‘lik ahamiyatli ekanini ta’kidlab, o‘z fikrini o‘tgan davr mobaynida insoniyat duch kelgan og‘ir pandemiya bilan izohladi. So‘zga chiqqanlar tibbiyotda mazkur soha mutaxassislarini yetuk va malakali qilib tayyorlash, sohada zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish orqali yuqori samaradorlikka erishish mumkinligi haqida so‘z yuritdilar.

  Anjumanning asosiy qismida «O‘pka sun’iy ventilyatsiyasi apparatlarining zamonaviy xususiyatlari va imkoniyatlari».  «Zamonaviy narkoz-nafas apparatlarining tuzilishi, xarakteristikasi va imkoniyatlari».  Ishemik insult va o‘tkir nafas yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlarda nafas olishni qo‘llab-quvvatlash kabi bir qator dolzarb mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, «O‘pkaning sun’iy ventilyatsiyasi va narkoz-nafas apparatni qo‘llab-quvvatlash uchun zamonaviy uskunalari: qurilmalari va funksional xususiyatlari, klinik amaliyot» mavzusida mahorat darslari, Anesteziologiya va reanimatsiya bo‘yicha yetakchi mutaxassislar ishtirokida respirator qo‘llab-quvvatlash muammolari va dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun davra suhbatlari tashkil etildi.

  O‘tkazilgan anjuman Respublikamiz sog‘liqni saqlash tizimida anesteziologiya va reanimatsiya xizmatining yanada takomillashishiga hamda zamonaviy texnologiyalar, xorijiy tajribalarni qo‘llashga turtki bo‘ladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.



SamDTU matbuot xizmati