Samarqand davlat tibbiyot universiteti tibbiyot sohasidagi jahonning bir qator oliygohlari hamda tibbiyot birlashmalari bilan hamkorlik aloqalarini yuritib kelmoqda. Osiyo mintaqasida yirik va har tomonlama rivojlangan Xitoy davlatidagi OTM lar bilan ham mustahkam aloqalar oʻrnatilgan boʻlib, ular bilan doimiy akademik almashinuv va birgalikdagi loyihalar amalga oshirilib kelinmoqda.
Jumladan, joriy yilning 11-dekabr kuni Xitoyning Xinjiang tibbiyot universiteti delegatsiyasi Samarqand davlat tibbiyot universitetiga tashrif buyurdi. Universitet rektori professor A.Aisa boshchiligidagi mehmonlarni SamDTU rektori, professor Jasur Rizayev kutib oldi hamda universitet haqida bir qancha maʼlumotlarni oʻrtoqlashdi. Doʻstona boʻlib oʻtgan uchrashuvda “Bir makon bir yoʻl” dasturiga tayangan holda ikki muassasa oʻrtasida hamkorlik qilishga, xususan, ilmiy almashinuv, qoʻshma laboratoriyalar tashkil etish, qoʻshma zamonaviy texnopark tashkil etish kabi loyihalar ustida kelishib olindi.
Uchrashuv soʻnggida SamDTU rektori Jasur Rizayev mehmonlarga universitet ramzi tushirilgan esdalik sovgʻalarini topshirdi.
SamDTU matbuot xizmati