×
Menu
Close Menu

​“Sogʻliqni saqlashda innovatsion texnologiyalar: ichki tibbiyot uchun yangi imkoniyatlar” Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi

  2022-yil 22-aprel kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti katta majlislar zalida “Sogʻliqni saqlashda innovatsion texnologiyalar: ichki tibbiyot uchun yangi imkoniyatlar” Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻz ishini boshladi. Anjuman taniqli shifokor, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sogʻlikni saqlash xodimi”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi, 1-son klinikasi bosh shifokori lavozimida samarali mehnat qilgan Nurmamat Abdullayevich Abdullayev (1945-2017) xotirasiga bagʻishlandi.

  Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada Rossiya, Belorussiya, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Gruziya va Oʻzbekistonni yetakchi tibbiyot oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tekshirish markazlarini rahbarlari va olimlari ishtirok etdilar.

  Anjumanni boshlanishidan avval, koʻp yillar davomida universitet davolash ishlari boʻyicha prorektori va 1-son klinikasi bosh shifokori lavozimida samarali mehnat qilgan Nurmamat Abdullayev barelyefini tantanali ravishda ochilish marosimi oʻtkazildi. Nutq soʻzlaganlar marhumni yuksak insoniy va rahbarlik fazilatlari, sogʻliqni saqlash tizimida ishlash jarayonidagi koʻrsatgan fidoyiligi, minglab bemorlarni hayotiga malham boʻlganligini taʼkidladilar.

  Xalqaro anjumanni ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Amrillo Inoyatov, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, professor Azamat Shamsiyev, Saratov davlat tibbiyot universiteti rektori Andrey Yeremin (Rossiya), “Astana tibbiyot universiteti” rektori Kamaljon Nadirov (Qozogʻiston), Oʻzbekiston kardiologlari Assosiatsiyasi raisi, OʻzR FA akademik Ravshanbek Kurbanov, Ryazan davlat tibbiyot universiteti rektori Roman Kalinin (Rossiya), Ijevsk davlat tibbiyot akademiyasi rektori Aleksey Shklyayev (Rossiya), Respublika ixtisoslashgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Xurshid Fozilov soʻzga chiqib, ichki tibbiyotni ahamiyati, hozirgi kundagi rivojlanishini ustuvorlari hamda xalqaro aloqalar ahamiyati haqida oʻz fikrlarini bildirdilar.

  Yalpi majlisdan soʻng xalqaro anjumanni ishi 7 ta sho'ba yigʻilishlarida davom etildi. Ularda kardiologik kasalliklarni diagnostikasi va davolashida innovatsion texnologiyalar, pulmonologiyani dolzarb masalalari, gastroenterologiyani, revmatologiya va nefrologiya, endokrinologiya va gematologiyani dolzarb muammolari hamda yosh tadqiqotchilarni ilmiy-tadqiqot faoliyatini natijalari bagʻishlangan 120dan ortiq maʼruzalar qilindi va tegishli yoʻnalishlardagi yutuqlar keng muhokama qilindi.

  SamDTU tomonidan oʻtkazilgan xalqaro konferensiya respublika va mintaqamizda ichki tibbiyot sohasini rivojlantirish, fundamental va klinik fanlarni oʻqitish sifatini yanada oshirish, malakali tibbiy kadrlarni tayyorlash hamda respublikamiz tibbiyot oliygohlari va ilmiy tekshirish markazlari xalqaro aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.









SamDTU matbuot xizmati