O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi PF–5847-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan strategik vazifalarga muvofiq Samarqand davlat tibbiyot institutida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, uning institutsional, o‘quv-pedagogik salohiyatini kuchaytirish, o‘quv jarayonini xalqaro standartlarga mos ravishda tashkil etish, aholi salomatligini muhofaza qilish, reabilitologiya va sport tibbiyoti sohasida dolzarb muammolar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni tizimli olib borish, shuningdek, hudud aholisiga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yanada oshirish maqsadida:
1. Samarqand davlat tibbiyot institutining kuzatuv kengashi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) Samarqand davlat tibbiyot institutini Samarqand davlat tibbiyot universiteti (keyingi o‘rinlarda – Universitet) etib qayta tashkil etish;
b) Universitet tarkibida quyidagilarni tashkil etish:
Samarqand viloyati, Samarqand tumani, O‘rtashiq qishlog‘ida joylashgan Samarqand viloyati salomatlikni tiklash shifoxonasi negizida Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot institutini;
Samarqand davlat tibbiyot institutining birinchi va ikkinchi klinikalari negizida Samarqand davlat tibbiyot universitetining ko‘p tarmoqli klinikasi va Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasini (keyingi o‘rinlarda – Universitet klinikalari);
Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining L.M.Isayev nomidagi filiali va uning klinikasi negizida Universitet huzuridagi L.M.Isayev nomidagi Mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti va uning klinikasini;
Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazini;
Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy markazini.
2. Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
uzluksiz tibbiy-kasbiy ta’lim tizimida yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
o‘quv jarayonini amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirish, xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va innovatsion o‘quv-metodik materiallarni keng joriy etish, klinika va o‘quv bazalari faoliyatida nazariy bilim hamda amaliyotning uyg‘unligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratish;
fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini tibbiyot amaliyotidagi mavjud muammolarning yechimiga qaratish, tibbiy ta’lim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarining uzviy bog‘liqligini ta’minlash;
xorijiy tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik doirasida talabalar, professor-o‘qituvchilar va ilmiy izlanuvchilar akademik mobilligi dasturlari hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish va rivojlantirish;
Universitet ilmiy salohiyatini muntazam ravishda oshirib borish, professor-o‘qituvchilar va ilmiy izlanuvchilarning nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishlarini ta’minlash;
respublika va xorijiy oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari va qadrlar buyurtmachilari bilan hamkorlikda tibbiyot sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va simpoziumlar tashkil etish;
Universitet moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish va mustahkamlash, simulyatsion markaz, o‘quv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etish hamda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash;
Samarqand viloyati hamda qo‘shni hududlar sog‘liqni saqlash tizimi ehtiyojlarini va muammolarini muntazam o‘rganib borish, ularni vakolati doirasida bartaraf etish maqsadida sog‘liqni saqlash tizimi hamda nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida uzviy hamkorlikdagi faoliyatni yo‘lga qo‘yish.
3. Belgilansinki:
a) Universitet Samarqand davlat tibbiyot institutining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
b) Samarqand davlat tibbiyot institutida tahsil olayotgan talabalar Universitetda mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida o‘qishini davom ettiradi hamda bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda davlat namunasidagi Universitet diplomi beriladi;
v) Universitet klinikalari, akademik litseyi, L.M.Isayev nomidagi Mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti, Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi, Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy markazi hamda Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot institutining (keyingi o‘rinlarda – Universitet tarkibiy tuzilmalari) muassisi Universitet hisoblanadi va ularning faoliyati Universitet tomonidan muvofiqlashtiriladi;
g) Universitet tarkibiy tuzilmalari davlat muassasalari hisoblanadi va shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi;
d) Universitetning tarkibiy tuzilmalari rahbarlari Universitet Kengashining taqdimnomasiga ko‘ra sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
e) Samarqand viloyati Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari va tibbiyot kollejlari (keyingi o‘rinlarda – texnikumlar va kollejlar) Universitetga biriktiriladi.
Bunda, Universitet:
texnikumlar va kollejlardagi ta’lim va amaliyot sifati uchun bevosita mas’ul bo‘lib, ularda zarur moddiy-texnika, o‘quv-metodik bazani yaratadi va o‘quv jarayoniga tajribali mutaxassislarni jalb etib boradi;
texnikumlar va kollejlarda faoliyat yurituvchi o‘qituvchilarga ilmiy-metodik jihatdan ko‘maklashadi;
klinikalari texnikumlar va kollejlar uchun klinik baza bo‘lib xizmat qiladi;
kafedralari o‘z yo‘nalishida texnikumlar va kollejlarga zamonaviy o‘qitish metodikasi va texnologiyalarini o‘rgatadi, o‘qituvchilar va o‘quvchilarning bilimini baholab boradi.
4. Quyidagilar:
2022-2025 yillarda Samarqand davlat tibbiyot universitetini kompleks rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Samarqand davlat tibbiyot universitetini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) 2-ilovaga muvofiq;
Samarqand davlat tibbiyot universiteti kafedralarini Samarqand viloyati tuman (shahar)lariga biriktirish ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Universitetga quyidagi huquqlar berilsin:
Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda, akademik litseyning o‘quv-metodik jarayonini muvofiqlashtirish, uning tuzilmasini, o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash, qabul parametrlari va ta’lim yo‘nalishlarini belgilash;
Universitetda bakalavriatning bitiruvchi bosqich talabalari uchun sog‘liqni saqlash tizimi birlamchi bo‘g‘in muassasalari (ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar, oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlari) hamda klinik bazalarda 6 oylik malakaviy amaliyot ko‘rinishidagi subordinaturani joriy etish;
Universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan Universitet professor-o‘qituvchilarining xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazalari (Scopus, Web of Science va boshqalar) tomonidan e’tirof etilgan yuqori reytingli jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish sarf-xarajatlarini qoplash.
Belgilansinki, mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar Universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
6. Universitet klinikalariga quyidagi huquqlar berilsin:
Universitet va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda klinikalarning umumiy o‘rinlar soni hamda amaldagi shtat birliklari doirasida shtatlar jadvalini qayta ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
pullik xizmatlar ko‘rsatish bo‘linmalarini tashkil etish;
pullik malaka oshirish sikllari va zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha mahorat darslarini tashkil etish;
tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishdan tushgan daromadlar doirasida xodimlarning mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish miqdorlarini bajariladigan ishlarning murakkablik darajasi, sifati va hajmiga qarab mustaqil ravishda belgilash.
7. Belgilab qo‘yilsinki:
Universitetning ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasi 2023-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–5199-son qarorida belgilangan respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining faoliyatini yuritish tartibi va moliyalashtirish mexanizmi asosida faoliyat yuritadi;
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand viloyati filiali yangi binoga ko‘chirilishi munosabati bilan ushbu filialning bo‘shaydigan Samarqand shahar, Maxdumi A’zam ko‘chasi, 18-uy manzilida joylashgan binosi Universitetga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladi hamda mazkur binoda Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi, shuningdek, Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy markazi tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.
8. Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.A.Musayev) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (A.M.Boboyev), Moliya vazirligi (A.Ya.Xaydarov) hamda Samarqand viloyati hokimligi (E.O.Turdimov) bilan birgalikda 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida:
Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi hamda Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy markazi joylashtirilayotgan Samarqand shahri, Maxdumi A’zam ko‘chasi, 18-uy manzilidagi binoni kapital ta’mirlash va jihozlash uchun;
Universitetning ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasi hududida ixtisoslashtirilgan endoskopik konsultativ-diagnostik va davolash bo‘limini tashkil etish, tegishli bino va inshootlarni qurish hamda zamonaviy endoskopik diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlash uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin.
9. Quyidagilar:
a) Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;
Universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;
b) Universitet klinikalari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;
Universitet klinikalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;
v) Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot instituti, L.M.Isayev nomidagi Mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;
mazkur institutlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;
g) Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi hamda Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy markazi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
mazkur tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
10. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Sh.Inoyatov), Samarqand viloyati hokimligi (E.O.Turdimov) Universitet hamda Universitet tarkibiy tuzilmalarining professor-o‘qituvchilari va xodimlari ishtirokida hudud aholisining salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini yuritish bo‘yicha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida (oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika) hamda barcha qishloq va mahallalarda joyiga chiqqan holda xizmat ko‘rsatilishini ta’minlasin. Bunda, quyidagilarga e’tibor qaratsin:
aholining salomatlik holatini, kasalliklarni keltirib chiqaruvchi xavf omillarining tarqalganlik darajasini o‘rgangan holda aholini xavf guruhlariga tasniflash;
xavf guruhlariga ko‘ra, ularga individual maslahat berish, ko‘rik va nazoratni amalga oshirish, sog‘lomlashtirish va reabilitatsiyaning individual choralarini belgilash;
aholi orasida eng ko‘p tarqalgan va o‘limning asosiy sababchisi bo‘lgan kasalliklarni erta aniqlash choralarini ko‘rish, maqsadli skrining tadbirlarini amalga oshirish;
aholining salomatlik holati, kasallikni keltirib chiqaruvchi xavf omillarining tarqalganlik holati va kasallanish darajasidan kelib chiqib, maxsus elektron dastur asosida “Salomatlik profili”ni yaratish;
qishloq va mahallalarda “Salomatlik maktabi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish, nafaqadagi o‘qituvchi va tibbiyot xodimlari, ziyolilar hamda yoshlardan iborat volontyorlik jamiyatlarini tuzish;
ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” xonalarini tashkil qilish, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan shifokor va hamshiralar tomonidan aholi orasida targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish, shuningdek, individual maslahat berish tizimini joriy qilish;
barcha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida shifokor oldi ko‘riklari orqali o‘rta tibbiyot xodimlari tomonidan eng ko‘p uchraydigan kasalliklarni keltirib chiqaruvchi xavf omillarini aniqlash, aholini antropometrik o‘lchovlardan o‘tkazish, 5 yoshgacha bolalarning o‘sishi va rivojlanishi monitoringini olib borish kabi vazifalarning mustaqil bajarilishini ta’minlash;
yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzi asoslari bo‘yicha tibbiyot brigadasi vakillarining amaliy va nazariy bilimlarini oshirish;
aholi orasida to‘g‘ri ovqatlanish asoslari, kasalliklar profilaktikasi, jismoniy faollik, shaxsiy va jamoat gigiyenasi, kun tartibini to‘g‘ri tashkillashtirish va zararli odatlardan voz kechish bo‘yicha targ‘ibotning zamonaviy uslublarini (aksiya, sport musobaqalari, tanlov, fleshmob) amaliyotga joriy qilish va ommalashtirish choralarini ko‘rish.
Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Sh.Inoyatov) 2022-yil 1-dekabrga qadar Samarqand viloyati tajribasining natijalaridan kelib chiqib, uni boshqa tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida ham tatbiq qilish bo‘yicha taklif kiritsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
12. Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Ushbu qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N.To‘ychiyev, Samarqand viloyati hokimi E.O.Turdimov, sog‘liqni saqlash vaziri B.A.Musayev hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X. Toshkulov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.