Bugun erta tongdan Samarqand shahrining bir qator maskanlarida, xususan Alisher Navoiy nomidagi istirohat bogʻida Navroʻz bayrami sayllari boʻlib oʻtdi. Viloyat va shahar ahli turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, kuy-qoʻshiq va raqslar, milliy qadriyatlar aks etgan oʻyinlarni tomosha qilib bahramand boʻldilar. Yangilanish, yosharish bayrami shukuhi butun Samarqandni qurshab oldi. Samarqand davlat tibbiyot instituti ham bahoriy yangi yilni koʻtarinki kayfiyatda kutib oldi.
Barcha yurtdoshlarimizni kirib kelayotgan yangi kun bilan tabriklash va bayramga oʻzgacha shukuh bagʻishlash maqsadida SamDTI jamoasi ham erta tongdan istirohat bogʻida tashkil etilgan saylga tashrif buyurdi. Institut professor-oʻqituvchilari hamda talabalari tomonidan tashkil etilgan bayramona dasturxon, turlik oʻyinlar, milliy qadriyatlarimiz aks etgan chiqishlar barcha yigʻilganlarga manzur boʻldi. Barcha bayram ishtirokchilarini institut rektori professor Jasur Rizayev iliq tabrikladilar.
Koʻtarinki kayfiyatni taʼminlash maqsadida bayram tadbirida shaxmat va milliy kurash sport turlari boʻyicha kichik musobaqalar ham uyushtirildi. Talabalar tomonidan tarixiy va milliy qadriyatlarimiz ramzi boʻlgan milliy liboslar koʻrgazmasi hamda konsert dasturi oʻtkazildi. Institutni yaxshi anʼanasiga koʻra barcha bayram tadbirini ishtirokchilariga bayram oshi tarqatildi.
SamDTI matbuot xizmati