Xalqimiz azaldan tinchlik va osoyishtalikni Vatan, ona, ozodlik kabi muqaddas tushunchalar qatorida ulugʻlab, eʼzozlab keladi. Vatan ozodligi, tinchligi va xavfsizligi himoyachilari esa mudom hurmat-eʼtiborda. Shu munosabat bilan joriy yilda Samarqand Davlat tibbiyot instituti Farmatsiya fakulteti Biologik kimyo kafedrasi xodimlari X.I.Nurboyev, D.A.Toshmurodov va Sh.X.Keldiyorovalar Samarqand shahridagi kichik serjantlar tayyorlash maktabiga tashrif buyurdilar. Kafedramiz xodimlarini podpolkovnik A.Jumayev va serjant X.Oʻlmasovlar kutib oldilar va yosh serjantlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirdilar. Serjantlar maktabi majlislar zalida “Vatanga xizmat-sharafli burch” mavzusida serjantlar bilan davra suhbati oʻtkazdilar.
Davra suhbatida Vatanimizdagi bugungi tinch va osuda hayot, farovonlik xalqimizga mustaqillik tuhfa etgan aziz neʼmatlardan ekanligi aytib oʻtildi. Jamiyatimizdagi barqarorlik bois yurtimiz ravnaqi yoʻlida keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirish, huquqiy demokratik jamiyat barpo etishdek ezgu niyatlarimizni roʻyobga chiqarish borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotgani aytib oʻtildi.
Dunyoda sharafli vazifalar koʻp, ammo ular ichida eng sharaflisi kindik qoning tomgan Vataningni himoya qilishdir. Zotan, Vatan – bu insonga ato etilgan eng ulugʻ neʼmat, ajdodlarimizning muqaddas ruhi kezib yurgan moʻtabar zamin, ularning nafasi ufurib turgan tabarruk tuproqdir.
Tadbir soʻnggida harbiy xizmatchilar oʻzlarini qiziqtirgan bir qator savollarga javob oldilar va esdalik uchun suratlarga tushdilar.
SamDTI Matbuot xizmati