Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

SamDTIda oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy va akademik mustaqillik berish chora-tadbirlarini ijrosi bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazildi

  2021-yil 24-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan oliy taʼlim tizimida tub ijobiy oʻzgarishlarga olib keladigan 2 ta muhim hujjat, yaʼni “Davlat oliy taʼlim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” hamda “Davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlar imzolandi.

  Ushbu qaror ijrosini taʼminlash va kelgusidagi vazifalarni aniq belgilab olish maqsadida SamDTI rektori J.A.Rizayev raisligida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

  Davlat oliy taʼlim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi qaroriga ko'ra: oliy taʼlim muassasasi va uning tuzilmasidagi taʼlim muassasalari uchun oʻz grafigi asosida darsliklar hamda boshqa oʻquv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish; taʼlim sifatini ichki nazorat qilish mexanizmlarini belgilash va joriy etish; tashkiliy-boshqaruvdagi mustaqillik sohasida faoliyatining asosiy yoʻnalishi: taʼlim, ilm-fan, uning natijalarini joriy etish hamda tijoratlashtirish bilan bogʻliq boʻlgan davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilmaydigan tarkibiy tuzilmalar, tijorat va notijorat tashkilotlarni tashkil etish; oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlardan qatʼiy nazar muassasaning tuzilmasini tasdiqlash va shtat birliklari sonini belgilash; mehnat bozoridagi ehtiyojdan kelib chiqib, yangi taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarni ochish, amaldagi taʼlim yoʻnalishlari hamda mutaxassisliklarni tugatish; pedagog va boshqa xodimlarni ishga qabul qilish, ishdan ozod etish va ichki rotatsiyasiga oid tartibni belgilash; xorijiy davlat fuqarolarini toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish va masofaviy taʼlim olish shaklida oʻqitishni tashkil etish kabi masalalar atroflicha koʻrib chiqilmoqda.

  “Shu bilan birga, oliy taʼlim muassasalarining kredit-modul tizimiga toʻliq oʻtganligi sababli kafedra mudirlari va professor-oʻqituvchilar uchun oʻquv mashgʻulotlar barcha oliy taʼlim muassasalarida tashkil etilishi bejizga emasligi, har birimiz kelgusida nimalarga eʼtibor qaratishimiz, olib borilayotgan islohxotlarni anglab borishimiz kerak”- deydi oʻz nutqida Jasur Rizayev.

  Yigʻilishning keyingi qismida 3 nafar maʼruzachi ayni fursatdagi dolzarb masalalarga bagʻishlangan fikr va mulohazalarini bayon etdilar.

Jumladan:

  Professor Yusupalixodjaeva Saodat Xamidullaevna Keys-stadi – talabalarni mustaqil fikrlashga yoʻnaltirish omili sifatida fanlar negizidagi ahamiyati, professor – oʻqituvchilarga talabalarni mustaqil ishlashga oʻrgatish, qanday qilib talabga kerakli bilim koʻnikmalarni oshirish, kerakli kalit soʻzlar orqali ularga tushunarli boʻladigan maʼruza materiallarini tayyorlash kerakligi boʻyicha soʻz olib bordi.

  “Editory” kompaniyasi eksperti, Bexzod Abdullayev hozirda “Scopus” va “Web of science” xalqaro bazasidagi xalqaro reytingi yuqori nashrlarda ilmiy maqola chop etish, unda nimalarga eʼtibor qaratish kerakligi, qanday qilib dolzarb mavzuni tanlash, iqtiboslikni oshirish, qanday qilib eng yuqori darajadagi maqolani tayyorlash kerakligi borasida oʻzining bilimlarini ulashdi.

  Bundan tashqari dotsent Xusinova Shoira Akbarovna talaba va tinglovchilarga amaliy koʻnikmalarni oʻrgatish asoslari, dars oʻtishda pedagogik usullar, taʼlim jarayonini raqamlashtirish, ilmiy yondashuvlar, baholash mezonlari, shaxsiy elektron kutubxona yaratish, Ilmiy loyihalarni tayyorlash, masofaviy taʼlim, fan dasturi va silla bus tayyorlash kabi mavzular boʻyicha oʻquv kurslarini olib borish borasida tinglovchilarga maʼlumot berdi. Shuningdek boshqa bir qancha vazifalar belgilab olindi.



SamDTI Matbuot xizmati