Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​Institut talabalari uchun “OITS — asr vabosi” mavzusida seminar boʻlib oʻtdi

  29 — noyabr kuni Samarqand davlat tibbiyot instituti tibbiy profilaktika, jamoat salomatligi va tibbiy biologiya fakulteti tomonidan “OITS asr vabosi” mavzusida seminar oʻtkazildi.

  Uchrashuvda fakultet dekani B.Ye.Toʻxtarov uchrashuvni ochib berib, kirish soʻzida giyohvandlikka qarshi kurashish va uning oldini olish barchamizning vazifamiz ekanligini eʼtirof etib oʻtdi. Shu jumladan, narkotik moddalarni turli yoʻllar bilan olib kelayotgan va yetishtirayotgan shaxslarning gʻarazli maqsadlarini amalga oshirishda mafkurasi va ongi toʻliq shakllanmagan, narkotik moddalarning ayanchli zarari va salbiy oqibatlarini tasavvur eta olmaydigan baʼzi yoshlarning koʻr-koʻrona ushbu yoʻlga kirib qolayotganliklarini taʼkidladi. Fakultet dekan oʻrinbosari N.A.Murodova soʻzga chiqib giyohvandlik asr vabosi ekanligini, bu illat yoshlar orasida koʻpayib borayotganligini va har yili ushbu vabodan yuz mingdan ziyod odam vafot etayotganligini hayotiy misollar bilan aytib oʻtdi. Jahondagi OITSga uchraganlarning 247 milliondan 12 millionini inyeksiya (shpris) orqali giyohvand modda oluvchilar tashkil etayotganligini, OITSga qarshi xalqaro tashkilotlar tomonidan koʻplab konvensiyalar qabul qilinayotganligini ham taʼkidlab oʻtdi. OITSga chalingan kishilarning koʻpchiligining 15-19 yoshli oʻsmirlar tashkil qilayotganligi taʼkidlandi.

  Samarqand viloyat OITS markazi bosh shifokori, institutni epidemiologiya kafedrasi mudiri Z.B. Umirzakov oʻz chiqishida OIV (VICH) va OITS infeksiyalarining terminal (soʻngi) bosqichilari, uni tarixi hamda qanday yoʻllar bilan yuqishi, undan asranish kerak ekanligi boʻyicha professor-oʻquvchilar hamda talabalarga keng tushunchalar berdi.

  Talaba oʻquvchilar bilan OITS kasalligi boʻyicha viktorina savol va javobgarlar oʻtqazildi. Viktorina savollariga toʻgʻri javob bergan talabalar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.



SamDTI matbuot xizmati