Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

O‘zbekiston tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalarining I Forumi o‘tkazildi

  18-19 noyabr kunlari Samarqand davlat tibbiyot institutida respublikamizda ilk marotaba Oʻzbekiston tibbiyot oliy oʻquv yurtlari talabalarining I forumi oʻtkazildi.

  Forumda respublikamizdagi 8 ta tibbiyot oliy taʼlim muassasalari va ularni filiallaridan 100 dan ortiq talaba ishtirok etdi. Anjuman tibbiyotni fundamental va amaliy fanlari boʻyicha talabalarning bilim darajasini oshirish, nazariy bilimlarni amaliyotda qoʻllash boʻyicha koʻnikmalarni shakllantirish, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari talabalarini jahon va milliy tibbiyot merosiga jalb qilish maqsadida tashkil etildi.

  Forumning birinchi kunida loyiha va roliklar taqdimoti boʻlib oʻtdi. Ushbu loyihalar tibbiyot va tibbiy taʼlim darajasini oshirishga hissa qoʻshishi bilan bir qatorda kelajakda uni targʻib qilish uchun yoʻnaltirilgan. Shuningdek, Samarqand shahar yoshlar markazida tibbiyot oliygohlari talabalarni sammiti boʻlib oʻtdi. Unda “Taʼlim sifatining pasayishi va shu bilan birga, mehnat bozorida tibbiyot oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilarining raqobatbardoshligining tushishi” mavzusida bahs-u munozaralar boʻlib oʻtdi.

  Forumning ikkinchi kunida Samarqand davlat tibbiyot institutini tibbiyotni dolzarb masalalariga bagʻishlangan maʼruza va master-klasslari oʻtkazildi. Forum ishtirokchilari uchun “Zakovat” va “Munozara” intellektual tanlovlari hamda loyihalar taqdimoti oʻtkaziladi.

  Boʻlib oʻtgan tanlovlarni natijalari boʻyicha “Eng yaxshi loyiha” tanlovida Qoraqalpoq tibbiyot instituti jamoasi gʻalaba qozonib pul mukofoti hamda maxsus sovrin bilan taqdirlandi. “Zakovat” tanlovida Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali jamoasi va “Munozara” tanlovida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan Toshkent davlat stomatologiya institutini jamoalariga institut rektori nomidan qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

  Shuningdek, tadbirni asosiy rahnamosi va koʻmakchisi boʻlgan SamDTI rektori professor Jasur Rizaevga “SamMI YuNION” tomonidan minnatdorchilik xati tantanali ravishda topshirildi.

  Samarqand davlat tibbiyot institutida oʻtkazilgan Oʻzbekiston tibbiyot oliy oʻquv yurtlari talabalarining I-Forumi respublikamizda tibbiy oliy taʼlimni sifat jihatidan koʻtarish, tibbiyot oliygohlari talabalarini ilmiy-innovatsion faoliyatga jalb qilish, ular oʻrtasida doʻstona va professional aloqalarini oʻratishga xizmat qiladi.


SamDTI matbuot xizmati