Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​Turkiya oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlik yanada kengaymoqda

  Samarqand davlat tibbiyot institutida fan va taʼlim sohasida xalqaro aloqalar va universitetlararo hamkorlik munosabatlarini kengaytirish ishlari izchil amalga oshirilib kelinmoqda.

  Jumladan, bugungi kunda Turkiya davlatining qator tibbiyot universitetlari va ilmiy-tekshirish institutlari bilan mustahkam hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Hamkorlikda integral maʼruzalar, amaliyot seminarlari, ilmiy ishlar taqdimotlari oʻtkazib kelinmoqda.

  Taʼlim jarayonlarida akademik mobillikni yanada kengaytirish maqsadida, Turkiyaning Acibadem tibbiyot markazi direktori o'rinbosari professor Murat Pekmezogʻlu, xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Asli Ӧzturk va Naryn Bairamova Samarqand davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdilar.

  Acibadem tibbiyot markazi direktori o'rinbosari Murat Pekmezogʻlu boshchiligidagi delegatsiyani institut rektori Jasur Rizaev qabul qildi. Samimiy ruhda oʻtkazilgan muzokaralar davomida SamDTI va Acibadem tibbiyot markazi oʻrtasida talabalarining oʻquv jarayonini integratsiyasini yoʻlga qoʻyish, oʻqituvchilar akademik mobilligini amalga oshirish, oʻqitishning faol usullari bilan oʻzaro tajriba almashishga kelishib oldilar. Qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish, professor – oʻqituvchilar, magistrlarning ilmiy faoliyatini hamkorlikda yoʻlga qoʻyishda ikki tomonlama manfaatli rejalar tuzildi.

  Turkiyalik delegatsiya aʼzolari institutni yangi bosh binosiga tashrif buyurib, talabalar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi. Uchrashuv yakunida mehmonlarga esdalik sovgʻalari topshirdi.

  Taʼlim va ilmiy faoliyatni ishlab chiqarish amaliyoti bilan uzviy bogʻlash hamda integratsiya qilishda zarur shart-sharoitlarni yaratish, tibbiyotga zamonaviy innovatsion va ilmiy-pedagogik texnologiyalarning eng yangi yutuqlarni joriy qilish kadrlar tayyorlash sohasida bugungi kun talabidir.


SamDTI matbuot xizmati