Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

Samarqand davlat tibbiyot instituti mamlakatda birinchilar qatori xalqaro ISO sertifikatini oldi

  Samarqand davlat tibbiyot institutida “Yuqumli kasalliklar – dolzarb masalalar, yutuqlar, aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilishga innovatsion yondashuvlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

  Anjumanda zamonaviy tibbiyot, jumladan, yuqumli kasalliklar, parazitar kasalliklar, Covid-19 va OIV infeksiyasining muammolari muhokama etildi. Konferensiyada infeksionistlar, parazitologlar, terapevtlar, pediatrlar, UASh shifokorlari, boshqa tibbiyot sohasi vakillari qatnashdi.

  Konferensiya ochilishida Slovakiyaning favqulodda va muxtor elchisi Yan Bori Samarqand davlat tibbiyot institutiga xalqaro ISO sertifikatini topshirdi.

– Mamlakatimizdagi oliy ta'lim muassasalari orasida birinchilar qatori institutimizning xalqaro ISO sertifikatiga ega bo‘lganidan judayam mamnunmiz, – deydi SamDTI rektori, professori Jasur Rizayev. – Bu ta'lim jarayoni xalqaro standartlarga mos ravishda davom etayotgani, xalqaro reytinglarga kirish imkoniyatimiz oshib borayotganini ifodalaydi. Institutimiz nafaqat yurtimizda, balki chet elda ham o‘z maqomiga ega bo‘lganini anglatadi.

  Tadbir bevosita onlayn tarzda kuzatib borildi. Xususan, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari – Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i, Davlat bosh sanitariya vrachi Bahodir Yusupaliyev, Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, professor Jasur Rizayev, Rossiya Federal tibbiy-biologik agentlikning "Yuqumli kasalliklar bo‘yicha bolalar ilmiy-klinik markazi" prezidenti, akademik Yuriy Lobzin, Ukraina Milliy tibbiyot fanlari akademiyasi akademigi Mixail Andreychin, Astraxan davlat tibbiyot universiteti prezidenti Xalil Galimzyanov, AQShning "Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy markazi direktori Daniel Singer va boshqalar anjumanning ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirdilar.

  Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada, shuningdek, yigirmaga yaqin dunyoning tibbiy bilim yurtlaridan yetakchi olimlar, soha mutaxassislari ma'ruza qilishdi. Muhokama qilingan mavzular bo‘yicha eng zamonaviy ma'lumotlar keltirildi. Qilingan ma'ruzalarning aksariyati amaliy yo‘naltirilgan bo‘lib, xususan COVID-19ning turli kasalliklardagi xususiyatlari va ulardan reabilitatsiya qilish amaliyoti bo‘yicha ma'ruzachilar tomonidan ma'lumotlar keltirildi.

  Xalqaro konferensiya, shubhasiz, mintaqa va butun respublikamizda yuqumli kasalliklar, parazitar kasalliklar, Covid-19 va OIV infeksiyasini davolash kabi yo‘nalishlarni rivojlantirishga, malakali tibbiyot kadrlarini shakllantirishga, mazkur sohalarga innovatsion yangiliklarni kiritishga hamda mamlakatimiz olimlarining xalqaro aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

  Ma'lumot o‘rnida aytish mumkin, institutda 2020-2021 o‘quv yilida 30 dan ortiq xalqaro konferensiya, 6 ta xalqaro olimpiada va xorijiy yetakchi oliy ta'lim muassasalari bilan turli mavzularda 300 ga yaqin xalqaro vebinarlar o‘tkazildi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti matbuot xizmati