Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

9-may “Xotira va qadrlash kuni” bayram uchrashuvi oʻtkazildi

  2021-yil 11-may kuni Samarqand davlat tibbiyot institutini 1-son klinikasining bogʻida 9-may “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan bayram uchrashuvi oʻtkazildi. Tadbirda institutda koʻp yil samarali mehnat qilgan xodimlar va faxriylar, maʼmuriyat vakillari, professor-oʻqituvchilar va talabalar ishtirok etdilar.

  Tantanali uchrashuvni SamDTI rektori professor Jasur Rizayev ochib berib oʻzini chiqishida institut oʻtgan ustozlarini eslab hozirda tibbiyot sohasi uchun malakali kadrlarni tayyorlashga katta hissa qoʻshib kelayotgan professor-oʻquvchilarga faxriy yorliqlar hamda esdalik sovgʻalarini topshirdi.

  Ishtirokchilarga institut talabalari tomonidan tayyorlangan “Urush noming oʻchsin jahonda” nomli spektakili ijro etildi. Sahnalashtirilgan spektaklda 20 dan ortiq iqtidorli talabalar qatnashib ular tomonidan koʻrsatilgan mahorat, oʻzlariga biriktirilgan roʻllarni aʼlo darajada oʻynaganliklari barchani lol qoldirdi.

  Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari kichik mutaxassislarni tayyorlash Markazi kursantlari tomonidan qurol-aslahalar koʻrgazmasi namoyish etildi va ular haqida talabalarga batafsil maʼlumotlar berdi. Tadbirning badiiy qismida Markaz kursantlari tomonidan qoʻl jangi chiqishlari namoyish etilishi barchaga manzur boʻldi. Chiqishlarda Markaz kursantlarining yuragidagi shijoat va koʻzidagi olovni koʻrgan tomoshabinlar, yurtimiz daxlsizligi ishonchli qoʻllarda ekanligiga yana bir bor amin boʻldilar. Bayram uchrashuvida taklif qilingan Markaziy harbiy okrug harbiy orkestrini bevosita ishtirokida ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kuy va qoʻshinlarini ijro etilishi barcha ishtirokchilar tomonidan joʻshqin kutib olindi.

  Harbiy-tibbiy tayyorgarlik kafedrasi xodimlari M.O. Zaripov va I.E. Erkinov rahbarligida institut kursant-talabalari ham chiqishlar qilib, oʻzlarini harbiy tayyorgarliklarini koʻrsatdilar.

  Bayram uchrashuvida ishtirok etgan keng jamoatchilik vakillari tashkilotchilarga mazmunli tadbir uchun minnatdorchilik bildirdilar. Samarqandni ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy-maʼrifiy hamda ilmiy rivojiga qoʻshayotgan hissasi uchun institut rektori J.A. Rizaev Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Samarqand viloyat kengashi minnatdorchiligiga sazovor boʻldi. Tegishli yorliq Samarqand shahar xalq deputatlari kengashini deputati Sh.J. Alibekov tomonidan tantanali ravishda topshirildi.

  Bayram tadbiri soʻngida barcha ishtirokchilar va mehmonlar tashkilotchi va faollarga minnatdorchilik bildirib musaffo osmon va tinch hayotni, sihat-salomatlik, baxt va omadlar tilab qoldilar.


Fotolavhalar

SamDTI matbuot xizmati