Samarqand davlat tibbiyot instituti va Turkiya Respublikasining “Sog‘liq bilimlari universiteti” o‘rtasida bir necha yildan buyon yaqin do‘stona hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu davr mobaynida turli sohalarda hamkorlikda qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish maqsadida “Sog‘liq bilimlari universiteti” rektori professor Cevdet Erdӧl ning taklifiga binoan Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori professor J.A. Rizaev Istanbul shahrida xizmat safarida bo‘ldi (https://www.trthaber.com/haber/guncel/semerkand-devlet-tip-enstitusu-rektoru-rizaevden-cevdet-erdole-ziyaret-563243.html).
Universitet rektori, dekanlari va boshqa ma’muriyat xodimlari rektorimiz Jasur Alimdjanovichni juda samimiy kutib olishdi. Tashrif davomida Jasur Alimdjanovich Universitet faoliyati bilan yaqindan tanishdi, Universitet rektori professor Cevdet Erdӧl va dekanlar bilan o‘quv, ilmiy hamda professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik almashinuv loyihalarini rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Olib borilgan akademik mobillik, ilmiy yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashinish bo‘yicha muzokaralar natijasida pandemiya tugashi bilan “Sog‘liq bilimlari universiteti” institutning qator mutaxassisliklar bo‘yicha magistratura rezidentalari va klinik ordinatorlarini qisqa va uzoq muddatli malaka oshirish dasturlariga qabul qilishi kelishib olindi.
Samarqand davlat tibbiyot instituti ma’muriyati va rektor professor J.A. Rizaev ko‘rsatilgan samimiyat va mehmondo‘stlik uchun “Sog‘liq bilimlari universiteti” ma’muriyati, xususan rektori professor Cevdet Erdӧl ga minnatdorchilik bildiradi.
SamDTI axborot xizmati