Xalqaro ta’lim makoniga shaxdam qadamlar bilan kirib borayotgan Samarqand davlat tibbiyot institutida 2020 yil sentabrida xalqaro ta’lim fakulteti o‘z faoliyatini boshladi. Xorijiy davlatlar talabalari Medicine “MBBS” o‘quv dasturi joriy qilib unga mazkur o‘quv yilida 475 nafar xorijiy talabalar qabul qilingan. Shulardan 82 nafarini Hindiston Respublikasidan kelib o‘qiyotgan talabalar hisoblanadi va talabalarni institutga jalb qilish bo‘yicha “Axis” xalqaro universiteti bilan o‘zaro shartnoma-bitimi imzolangan.
2021 yil 9 aprel kuni Samarqand davlat tibbiyot institutiga Hindiston Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxat tashrif buyurdi. Yuqori martabali mehmonga elchining kotibi Aditi b. Walunj, elchining yordamchisi Shri Bharga Mitra xamrohlik qildilar.
Mehmonlar avvalam bor institut rektori professor Jasur Alimjanovich Rizaev bilan uchrashdi. Do‘stona va ishchan o‘tgan uchrashuvda rektor Jasur Rizaev hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari, xususan ta’lim sohasidagi hamkorlikka alohida to‘xtalib o‘tdi. Hindiston Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam, talabalarning viza olishidagi yengilliklar va bevosita institutning salohiyatini xolis e’tirof etganliklari, Hindiston Meditsina Ligasida Samarqand davlat tibbiyot institutining o‘ziga xos yetakchi reytingda bo‘lishini ta’minlashini ta’kidlandi. Rektor tomonidan institutda xorijlik talabalarga yaratilgan imkoniyatlar, shu jumladan o‘qish tizimidagi ilg‘or tajribalar, mahalliy va xorijlik yetakchi professor-o‘qituvchilarning faoliyati, talabalar turar joylaridagi shart-sharoitlar, ular uchun maxsus oshxonalar tashkil etilganligi va unda aynan ularning vatanlaridan kelgan oshpazlar milliy ovqatlarini tayyorlashlari, hindistonlik talabalarning madaniy va sport tadbirlaridagi faol ishtiroki haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. So‘zining davomida institut rahbari hozirda xorijlik talabalar va institut ma’muriyati, hamda professor-o‘qiuvchilar va mahalliy talabalar o‘rtasida iliq va yaqin munosabatlar o‘rnatilganligini ta’kidlab, kelajakda Hindiston Respublikasidan kelib o‘qiyotgan talabalarning o‘z sohasining yetakchi shifokorlari bo‘lishlariga umid bildirdi.
Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Manish Prabxat institut rektoriga qabul uchun minnatdorchilik bildirdi va bugungi Hindiston-O‘zbekiston munosabatlarini “oltin davr” deb atash mumkinligi, hamkorlik munosabatlarida ta’lim sohasi alohida o‘rin tutishini aytdi. Elchi janoblari tomonidan Hindistonda shifokor bo‘lishni xohlovchi yoshlar juda ko‘pchilikni tashkil etishi, talabalarning O‘zbekistonga kelib o‘qishi imkoniyatlari paydo bo‘lganligi va ko‘pchilik talabalar aynan Samarqand davlat tibbiyot institutini tanlayotganliklari bejizga emasligini, ushbu institut Markaziy Osiyodagi eng tarixiy oliy tibbiy muassasa ekanligini, boy tajribaga ega professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatishini ta’kidladilar. Kelajakda hindistonlik talabalardan tibbiyot mutaxassislarini tayyorlashda Samarqand davlat tibbiyot instituti ilg‘or o‘rinlarda qolishini aytib bu borada yanada ko‘proq rivojlanishlar bo‘lishiga ishonishini ta’kidladi. Uchrashuv so‘ngida tomonlar bir-birlariga esdalik sovg‘alari topshirdilar va ommaviy axborot vositalariga intervyular berildi.
Shundan so‘ng, institut katta majlislar zalida xalqaro ta’lim fakultetining Medicine “MBBS” ta’lim yo‘nalishida o‘qiyotgan Hindistonlik talabalarini mehmonlar bilan uchrashuvi o‘tkazildi. Uchrashuvda chiqishlar qilgan Hindiston Respublikasining FvaME Shri Manish Prabhat, elchining kotibi Aditi b. Walunj, elchining yordamchisi Shri Bhargav Mitra, SamDTI Xalqaro ta’lim fakulteti dekani Mansur Aliev, Hindistonning “Axis International Business Solutions” vakili Nasim Ahmad institutda yaratilgan shart-sharoitlar, yuqori salohiyatli va tajribali professor-o‘qituvchilar ularga saboq berishini ta’kidlab talabalarni yaxshi o‘qishga, barcha institut ichki qoida va nizomlariga rioya etishga, yaxshi hulq-atvor bilan barchaga namuna bo‘lishga chaqirdilar. Uchrashuvda mehmonlar shuningdek talabalarning qiziqishlari bilan qiziqishdi, savollariga javob berishdi va ularning kelgusi o‘qishlarida omadlar tilab qoldilar. Shu bilan Hindiston Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisini SamDTI rasmiy tashrifiga yakun yasaldi.
SamDTI Matbuot xizmati