O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 20 yanvardagi 87-06-78-sonli xati bilan yuborilgan «Buyuk mutafakkir, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlashga qaratilgan «Navoiy va yoshlar» dasturi» ijrosi yuzasidan Samarqand davlat tibbiyot instituti «O‘zbek tili va adabiyoti, rus tili» kafedrasi tomonidan Alisher Navoiyning boy madaniy va ijodiy merosini chuqur o‘rganish maqsadida institut qoshidagi akademik litseyi bilan hamkorlikda “Navoiyning mangu merosi” mavzusida ochiq-dars bo‘lib o‘tdi.
SamDTI «O‘zbek tili va adabiyoti, rus tili bilan» kafedrasi o‘qituvchisi Bekirova E.S. 107-guruh akademik litsey talabalariga hazrat Alisher Navoiy ijodi bitmas-tuganmas tadqiqot va mushohadalar manbai ekanini izohlab, ulug‘ shoir xatlari, tarixiy shaxslar hamda zamondoshlari haqidagi bitiklari bilan tanishtirdi.
Akademik litsey talabalari “Layli va Majnun” monologini jo‘shqin bir tarzda yoddan aytib she’riyat shaydolari qalbida ajib tuyg‘ularni jo‘sh urdirdilar. Ulug‘ shoir g‘azallarining ingliz va rus tillaridagi tarjimalaridan namunalar o‘qib, adabiyot muxlislarining olqishlariga sazovor bo‘ldilar.
Hazrat Mir Alisher Navoiy bobomiz dahosini anglamoq har birimizning oliy maqsadlarimizdan bo‘lmog‘i lozim.
SamDTI matbuot xizmati