O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent tibbiyot akademiyasi va Toshkent davlat stomatologiya instituti tomonidan 2024-yil 5-iyun kuni Toshkent shahridagi Hilton mehmonxonasining konferensiyalar zalida “Parkinson kasalligini zamonaviy davolash usullari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Anjumanda dunyoning 10 dan ortiq davlatlaridan Parkinson kasalligi bo‘yicha ko‘plab taniqli mutaxassislar, jumladan, neyroxirurglar, nevropatologlar, neyropsixologlar, neyroreabilitologlar va neyrofiziologlar ishtirok etishdi. Konferensiyada Parkinson kasalligining etiologiyasi, epidemiologiyasi, patogenezi, klinikasi, differensial diagnostikasi, konservativ va xirurgik davolashning zamonaviy usullariga bag‘ishlangan 20 ga yaqin ilmiy ma’ruzalar qilindi.
Shuningdek, anjumanda SamDTU huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi direktori, SamDTU Neyroxirurgiya kafedrasi mudiri, PhD, dotsent M.A.Aliyev “Parkinsonizm kasalligini xirurgik davolash bo‘yicha O‘zbekistondagi ilk natijalar tahlili” mavzusida ilmiy ma’ruza bilan qatnashdi.Oldin xabar berilganidek, 2023-yil dekabr oyida O‘zbekistonda birinchi marta SamDTU huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazida Parkinson kasalligini bosh miya chuqur tizimlariga chip-implantlar o‘rnatish yo‘li bilan samarali davolash yo‘lga qo‘yilgan edi. Ushbu ma’ruzada markazda o‘tgan 6 oy davomida 20 ta bemorlarda amalga oshirilgan Parkinson kasalligini xirurgik usulda davolash natijalari, jumladan, bemorlarning operatsiyadan oldingi va keyingi davrdagi ahvoli, operatsiyadan oldingi klinik belgilarning operatsiyadan keyingi davrda kuzatilmayotganligi, bemorlarning hayot sifati yaxshilanganligi video va taqdimotlar orqali anjuman qatnashchilariga namoyish etildi. Bu ma’ruza anjuman qatnashchilari tomonidan juda yuqori baholandi va katta qiziqish uyg‘otdi.
Ushbu xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya Parkinson kasalligining eng dolzarb muammolarini to‘liq qamrab olganligi yig‘ilganlarda ushbu kasallik haqida to‘liq tasavvur hosil qilish imkonini berdi va Parkinson kasalligiga qarshi kurashda muhim qadam bo‘lib, uning natijalari bemorlarni davolash amaliyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi.
SamDTU matbuot xizmati