Samarqand davlat tibbiyot universiteti va Xitoyning Shinjon davlat tibbiyot universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandum imzolangan bo‘lib, mazkur memorandum doirasida hamkorlikda bir qator ishlar, akademik almashinuv hamda mahorat darslari tashkil etib kelinmoqda. Jumladan, Joriy yilning 18-may kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti klinik bazasida Xitoylik mutaxassislar bilan hamkorlikda murakkab travmatologik jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi.
Shinjon Tibbiyot Universitetining 6-sonli Filiali kasalxonasi ortopediya markazining oliy toifali shifokori Paerhat Wahafu, Shu Li tomonidan tizza bo‘g‘imida uchraydigan murakkab jarohat va patologiyalarni artroskopiya usulida yuqori texnologik amaliyotlar bilan davolash bo‘yicha o‘tkazilgan mahorat operatsiyasi kelgusida bunday murakkab operatsiyalarning yurtimizda keng ko‘lamda bajarilishiga zamin hozirlaydi.
Shuningdek, SamDTU va Shinjon davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlik doirasida akademik almashinuvlar amalga oshirilib, xitoylik mutaxassislar tomonidan talabalar uchun ma’ruzalar tashkil etildi. Bundan tashqari SamDTU ning bitiruvchi bosqich talabalarini Shinjon davlat tibbiyot universitetida magistratura ta’limini davom ettirishlari uchun imkoniyat yaratilgan bo‘lib, talabalar bilan suhbatlar tashkil etildi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Shinjon davlat tibbiyot universiteti o‘rtasidagi bu kabi hamkorlik loyihalari kelgusida ikkala tomon uchun ham yangi imkoniyatlari tibbiy yutuqlar uchun zamin yaratadi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
SamDTU matbuot xizmati