Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​Samarqand davlat tibbiyot universiteti va “Grand Pharm Trade” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

  Joriy yilning 25-iyun kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetiga O‘zbekiston farmatsevtika bozorida yetakchilardan biri hisoblangan “GRANDPHARM ACADEMY” kompaniyasi direktori Gafurova Yulduz Alisherovna tashrif buyurdi. Tashrif doirasida SamDTU rektori, professor Jasur Rizayev bilan uchrashuv tashkil etildi.

  Kelishuvga ko‘ra Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda “Grand Pharm Trade” kompaniyasi o‘rtasida “Respublika farmatsevtika bozori uchun kadrlar tayyorlash sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida”gi memorandum imzolandi.

  Mazkur memorandum talabalar uchun amaliy mashg‘ulotlar, bakalavrlarga stipendiya va homiylik, magistrlar uchun “Grand Pharm Trade” xodimlari bilan birgalikda tijorat loyihalarida ishlash, shuningdek, universitet olimlari (doktorantlari) uchun tadqiqot dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlarini yaratadi.

  Memorandum hozirgi vaqtda aktual mavzuga aylangan “GPP” hamda “GDP” zarur farmatsevtik amaliyotlari bilan talabalarni "Grandpharm logistics Hub" innovatsion ilmiy-amaliy ishlab chiqarish farmatsevtik klasteri bilan tanishtirishni ham o‘z ichiga oladi.

  O‘quv bazasida talabalar “Pill” dasturi bo‘yicha dorixonalarda ishlash amaliyotini o‘zlashtiradilar. Ular orasidan eng yaxshi va eng istiqbolli deb topilgan talabalar shu sohadagi yetakchi kompaniyalarda ish bilan ta’minlanadi. Shuningdek, kompaniya farmatsevtika fakultetining iqtidorli va a'lo baholarga o'qiydigan talabalari uchun stipendiya ajratishni ham nazarda tutadi.

  Bundan tashqari, Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlari bilan ham bu memorandum amalga oshiriladi.

  “Oliy o‘quv yurti bilan hamkorlik talabalar ta’limi samaradorligini oshirish uchun ham, bizning tashkilotimiz o‘rtasidagi turli xil hamkorlik sxemalarini joriy etish orqali farmatsevtika mahsulotlari va xizmatlari sifatini oshirish uchun ham a’lo natija beradi. O‘ylaymanki, bunday hamkorlik zamonaviy voqelikda mantiqan to‘g‘ri keladi, chunki kompaniya oliy o‘quv yurtining akademik ta’limi bilan bir qatorda ushbu sohadagi barcha ilg‘or o‘quv va amaliy ishlanmalarni taqdim etadi”, - dedi kompaniya rahbari.


SamDTU matbuot xizmati