Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​Piri komil, muhtaram ustoz (Hoji Ulug‘ovni eslab (1933-2021))


  Bevaqt oʻlim oramizdan butun umrini vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalq farovonligiga baxshida etgan fidoyi inson Hoji Ulugʻovich Ulugʻovni olib ketdi.

  H.Ulugʻov 1933 yil 4 aprel kuni Samarqand shahar Registon dahasida temirchi oilasida tavallud topgan. Uning bolaligi, yoshligi Ikkinchi jahon urushi va urushdan keyingi ogʻir tiklanish davriga toʻgʻri keladi. U darslardan keyin Samarqand shahrida temirchi usta sifatida elga tanilgan otasiga yordam berib, ukalariga qarashib, kechalari bilan ishlar va oʻqir edi.

  1952 yili oʻrta maktabni bitirib Samarqand davlat tibbiyot institutining davolash fakultetiga oʻqishga kiradi. Bilimga chanqoqligi, tirishqoqligi, darslarni aʼlo oʻzlashtirish va namunali xulqi bilan talabalar oʻrtasida alohida ajralib turardi. Bu qobiliyatini sezgan institutdagi ustozlaridan professor F.M.Golub, dotsentlar M.Q. Qoraev, N.M.Babkinalar uni oʻz panohiga oladilar.

  1958 yili institutni muvaffaqiyatli tugatgan Hoji Ulugʻov umr yoʻldoshi Saida Umarova bilan birgalikda Surxondaryo viloyati Denav tumaniga ishga yuborildi. Malakali tibbiy kadrlar yetishmay, ancha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan Denov tuman markaziy kasalxonasi jamoasi uni xushnud kutib olib, zimmasiga darhol jarrohlik boʻlimining tashvishlarini yuklab qoʻydi. Qisqa vaqtda jamoaning va tuman aholisining hurmatini qozondi. Hoji Ulugʻov 1960 yili Samarqandga qaytib keldi va Ishtixon tumani Mitan qoʻrgʻoni kasalxonasiga bosh vrach lavozimiga tayinlandi. 1964 yili esa Oqdaryo tumani tashkil qilinib, Hoji Ulugʻov tuman birlashgan kasalxonasi bosh vrachi vazifasiga tayinlandi. Oʻsha yillari Hoji Ulugʻov jarroh, travmatolog, LOR vrachi, sanitariya vrachi va epidemiolog sifatida jonbozlik koʻrsatib ishladi. Uning sayʼi-harakatlari bilan yangi feldsher akusherlik punktlari ochildi, emlash ishlari yoʻlga qoʻyildi, aholi oʻrtasida sanitariya-maorif ishlari jonlandi, yuqumli kasalliklar, bolalar oʻrtasidagi oʻlim sezilarli darajada kamaydi. Natijada hamma koʻrsatgichlar boʻyicha Oqdaryo tumani 1977 yili sogʻliqni saqlash tizimida viloyatda birinchi oʻrinni egallab respublika tumanlari ichida malakali tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha peshqadam boʻldi.

  1978 yili respublika va viloyat rahbariyati Hoji Ulugʻovga katta ishonch bildirib Samarqand davlat tibbiyot institutining 2-son klinikasiga bosh vrach etib tayinlashdi.Katta tajribali rahbar tezda ishga tushib ketdi. Bahorda 4 gektarli toshloq yerga suv chiqarib, bogʻ-rogʻga aylantirdi, har xil mevali va manzarali daraxt koʻchatlari oʻtkazildi va har xil gul koʻchatlari ekildi. 1979 yil may oyida SamDTI 2-son klinikasining 360 oʻrinli 1-navbati, 1982 yil 360 oʻrinli ikkinchi navbati toʻliq ishga tushirildi.

  Hoji Ulugʻov klinikada viloyatda birinchi boʻlib “Sunʼiy buyrak” markazi, chaqaloq bolalar reanimatsiyasi boʻlimini ochdi. Klinikani zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor berdi. Ultratovush yordamida tekshirish apparati, fonokardiografiya, exokardioskop, lazer nuri bilan davolash uchun apparatlar olinib ishga tushirildi.

  Hoji Ulugʻov mohir tashkilotchi, bilimdon, malakali mutaxassis boʻlishi bilan birga yoshlarga mehribon ustoz edi. U kishining maslahati va bevosita koʻmagi bilan 4 ta fan doktori, 22 ta fan nomzodlari yetishib chiqdilar.

  Hoji Ulugʻovichning xalqimiz sogʻligʻini saqlash borasidagi benihoyat xizmatlari munosib taqdirlangan. 1992 yil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sogʻliqni saqlash xodimi” faxriy unvoni berildi.

  Hoji Ulugʻovichning tibbiyot sohasidagi ulkan xizmatlari, ayniqsa SamDTI 2-klinikasi binosini qoʻrib foydalanishga topshirishdagi jonbozligiga Samarqand xalqi munosib baho berdi. Hali-hanuz aholi ushbu shifo maskanini “Ulugʻov shifoxonasi” deb ataydi.

  Hoji Ulugʻov rafiqasi Umarova Saida bilan birgalikda baxtli hayot kechirib, toʻrt farzandni oʻstirib ulgʻaytirishda va ularni hayotda munosib joy egallashga sharoitlar yaratdi.

  Hoji Ulugʻovich Ulugʻov 2021 yil 14 iyul kuni vafot etdi. Ustozni yorqin xotirasi qalbimizda abadiy saqlanajak.

SamDTI jamoasi