×
Menu
Close Menu

“Kelajakka qadam” dasturi ishga tushiriladi

  Prezident qarori bilan OTM bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashuvchi dastur joriy etiladi.

  Oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilarining ishga joylashtirishiga ko‘maklashishga qaratilgan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Kelajakka qadam” dasturi amalga oshiriladi:

▪️ o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish istagi bo‘lgan oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi bosqich talabalari uchun biznes g‘oyani tayyor loyihagacha olib borish jarayonida to‘liq hamrohlik qilish, shu jumladan, qulay shartlarda moliyalashtirish;

▪️ oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi va quyi bosqich talabalari o‘rtasida sohalar bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkazish va g‘oliblarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish.

  Mazkur jarayonda:

  • salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar, xususan, yirik korxonalarning oliy ma’lumotli mutaxassislarga ehtiyojini aniqlash va mutaxassislarga qo‘yiladigan talablarni shakllantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
  • tanlov g‘oliblarini salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar buyurtmasiga ko‘ra individual kasbiy ta’lim dasturlari asosida kasbga dastlabki tayyorlash tadbirlari moliyalashtiriladi;
  • individual kasbiy ta’lim dasturlarida, ishlab chiqarish obyektlarida amaliyot o‘tash va chet eldagi oliy ta’lim tashkilotlarida qisqa muddatli o‘quv kurslarida qatnashish imkoniyati yaratiladi.

  Bundan tashqari, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha ham Prezident qarori qabul qilindi.

  Unga ko‘ra, 2025–2027-yillarda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Yoshlar biznesi” dasturi amalga oshiriladi:

  • dastur doirasida 350 mingta yoshni qamrab olinadi, shu jumladan, 18 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan shaxslar uchun kamida 100 mingta qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi;
  • yosh tadbirkorlarga kompleks xizmatlar ko‘rsatiladi, ularning faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida AT “Aloqabank” tayanch “yoshlar banki” etib belgilanadi;
  • zamonaviy tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish uchun yoshlarning startap va investitsiya loyihalariga imtiyozli moliyaviy mablag‘lar ajratiladi;
  • iqtisodiyot tarmoqlari va sohalaridagi, shu jumladan, raqamli texnologiyalar tatbiq etilgan innovatsion loyihalar hamda ijtimoiy tadbirkorlik yo‘nalishidagi qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etiladi.

  Shuningdek, “Biznesga birinchi qadam” loyihasiga muvofiq 18 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan ijtimoiy soliq to‘lagan o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxslarga onlayn shaklda imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga 100 mln so‘mgacha imtiyozli mikroqarz sifatida ajratiladi.

  “Innovatsion yoshlar” loyihasi bo‘yicha esa venchur jamg‘armalari orqali yoshlar qo‘llab-quvvatlanadi.