Samarqand davlat tibbiyot instituti jamoasi og‘ir judolikka uchradi. Beshafqat o‘lim oramizdan taniqli olim, mohir pedagog, Samarqand davlat tibbiyot instituti ko‘p yillar samarali mehnat qilgan, biologik kimyo kafedrasi professori, kimyo fanlari doktori Asqarov Qudrat Asqarovichni olib ketdi.
Q.A.Asqarov 1937 yilda Qushrabot tumani Urganji qishlog‘ida tug‘ilgan. 1962 yilda Samarqand qishloq xo‘jaligi institutini imtiyozli diplom bilan tamomlagandan so‘ng, 1962-1966 yillar Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti mikrobiologiya kafedrasi assistenti bo‘lib mehnat faoliyatini boshlagan. 1966-1969 yillar Samarqand davlat universiteti mikroelementlar muammolari laboratoriyasida aspiranturani o‘tagan.
Qudrat Asqarovich 1969 yilda Samarqand davlat tibbiyot instituti biologik kimyo kafedrasi assistenti lavozimidan boshlab, 1972 yilda institut kafedra katta o‘qituvchisi, 1977 yilda kafedra dotsenti, 1977 - 2005 yillar -Samarqand davlat tibbiyot instituti bioanorganik, bioorganik va biologik kimyo kafedrasi mudiri, 2005 - 2012 yillar instituti bioanorganik, bioorganik va biologik kimyo va farmakologiya kafedrasi mudiri lavozimlarida samarali faoliyat olib borgan.
Asqarov Qudrat Asqarovich kafedrada talaba-yoshlarga saboq berish bilan birgalikda, institut jamoatchilik ishlarida ham munosib faoliyat ko‘rsatib kelgan, jumladan, 1992 -1995 yillarda institut tarbiyaviy ishlar bo‘yicha prorektori, 1999-2003 yillar institut ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i, 2007-2010 yillarda institut ichki nazorat va monitoring bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatib, yoshlar tarbiyasi va ma’naviy ma’rifiy ishlarni takomillashtirishda munosib hissasi qo‘shib kelgan.
Q.A. Asqarov tomonidan 300 dan ortiq ilmiy ishlari chop etilgan, 15 dan ortiq o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, 14 ta ixtiro va 3 ta monografiya muallifi. U kishining rahbarligida 4 ta nomzodlik va 2 ta doktorlik dissertatsiyasi himoya qilingan. Olim ilmiy ishlarda faol bo‘lib respublika, MDH va Yevropa davlatlarida o‘tkazilgan ko‘plab nufuzli konferensiyalarda ishtirok etib ko‘plab imtiyozli diplom va sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.
Professor Q.A. Asqarov 2012 yildan hozirga qadar Samarqand davlat tibbiyot instituti meditsina va biologik ximiya kafedrasi professori lavozimida ishlab, magistr va talabalariga saboq berib kelmoqda edi.
Qudrat Asqarov katta hayotiy tajriba va chuqur bilimga ega bo‘lgan mohir pedagog sifatida institut jamoasi va talabalar orasida shuhrat qozondi. O‘zining insonparvarligi, xalqchilligi tufayli viloyat va shahar jamoatchiligi o‘rtasida katta hurmat e’tiborga sazovor bo‘ldi. Mehribon ota, oilaparvar inson sifatida 5 farzandni tarbiyalab, hayotda o‘zlarining munosib o‘rinlarini topishlariga shart-sharoit yaratdi.
Ko‘p yillik samarali mehnati uchun professor Q.A. Asqarov 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Sog‘liqni saqlash a’lochisi ko‘krak nishoni” bilan taqdirlangan.
Asqarov Qudrat Asqarovich atrofdagilarning muhabbati va hurmatiga sazovor bo‘lgan, bo‘lajak yosh shifokorlarni doimiy maslahatgo‘yi, mehribon va ajoyib inson edi. Q.A.Asqarovning yorqin xotirasi qalbimizda abadiy saqlanajak.
Samarqand davlat tibbiyot instituti ma’muriyati va kasaba uyushmasi qo‘mitasi