×
Menu
Close Menu

Kafedra tarixi

  Farmatsevtika ishini tashkil qilish kursi 1939-yilda tashkil etilgan bo‘lib, o‘sha davrda «Farmatsevtika ishini tashkil qilish va farmatsiyaning tarixi» deb atalgan. 1957-yilgacha bu kurs turli xil kafedra tarkibiga kirgan, jumladan: dori turlari texnologiyasi kafedrasi tarkibida 1951-yilgacha, sud kimyosi kafedrasi tarkibiga 1951-1955-yillar, meditsina tovarshunosligi kursi tarkibida esa 1956-1957-yillar. 1958-yilgacha Farmatsevtika ishini tashkil qilish kursiga o‘rindoshlik lavozimida ilmiy unvoni bo‘lmagan L.M.Krutik, M.L.Frimerman, A.D.Itskovich, 1942-1944-yillarda professor G.YA.Koganlar rahbarlik qilgan. 1958-yil 3-7-fevralda Moskvada bo‘lib o‘tgan Butunittifoq ilmiy farmatsevtlar jamiyatining Plenumi qaroriga asosan institutning Farmatsevtika ishini tashkil qilish kursi Farmatsevtika ishini tashkil qilish va iqtisodiyoti kafedrasiga aylantirilishi haqida e’lon qilindi va Toshkent farmatsevtika instituti rektorining 1958-yil 9-sentyabrdagi 594-sonli buyrug‘i bilan E.R.Toshmuxamedov mudir etib tayinlandi. Shunday qilib, Farmatsevtika ishini tashkil qilish va iqtisodiyoti kafedrasi 1958-yil sentyabrdan boshlab, alohida mustaqil kafedra sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

  Farmatsevtika ishini tashkil qilish kafedrasining birinchi kafedra mudiri bo‘lib 1958-yilda E.R.Toshmuxamedov tayinlangan. Professor Toshmuxamedov Erkin Raximovich – 15-fevral 1930-yil Toshkent shaxrida tug‘ilgan, o‘zbek, o‘rta maktabni 1948-yilda oltin medal bilan muvaffaqiyatli tugallagandan so‘ng Toshkent farmatsevtika institutiga kirdi. E.R.Toshmuxamedov Toshkent farmatsevtika institutini 1952-yilda imtiyozli diplom bilan bitirgan.

  1953-yil noyabrda Toshkent farmatsevtika institutining Dori turlari texnologiyasi kafedrasi tarkibida faoliyat ko‘rsatadigan Farmatsevtika ishini tashkil qilish kursiga aspiranturaga kirdi. Institut direktori dotsent Nishon Rahimovich Rahimovning aspiranturani Moskva farmatsevtika institutida o‘tish to‘g‘risidagi buyrug‘i chiqdi. Shunga asosan sobiq ittifoq Sog‘liqni saqlash vazirligining 1953-yil 16-noyabrdagi qaroriga ko‘ra aspiranturani Moskva farmatsevtika institutida o‘tadigan bo‘ldi. 1956-yilda aspiranturani tugatib, mehnat faoliyatini institutning Farmatsevtika ishini tashkil qilish va iqtisodiyoti kursiga assistent lavozimidan boshladi. 1957-yil sentyabr oyida katta o‘qituvchi lavozimida ishini boshladi. 1958-yilda Farmatsevtika ishini tashkil qilish va iqtisodiyoti kafedrasi tashkil qilinib, o‘nga E.R.Toshmuxamedov rahbar etib tayinlangan.

  E.R.Toshmuxamedov 1960-yil 12-dekabrida Moskva farmatsevtika institutini ilmiy kengashida “O‘zbekiston aholisini dori vositalari bilan ta’minlashni takomillashtirish usullari” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 1962-yil iyunda farmatsevtika ishini tashkil qilish va iqtisodiyoti kafedrasi mudirligiga tanlov asosida ishtirok etib, mudir lavozimiga tayinlangan. 1963-yil dotsent unvoni berilgan.

  Samarqandda Farmatsiya yo’nalishi 2019-yilda ochilgan bo’lib, Shavazi N. M. bo’limga boshchilik qilgan. Birinchi Farmatsevtika ishini tashkil qilish kafedra esa 2022 yil tashkil etildi.