×
Menu
Close Menu

​Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Samarqand-2020” tibbiyot oliygohlari talabalarining III Xalqaro olimpiadasi boʻlib oʻtdi

  Xalqaro talabalar olimpiadasida Polsha, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Ukraina, Belarus, Turkiya va Ozarbayjon respublikalaridan 76 ta tibbiyot oliy oʻquv yurtlarining 120 dan ortiq professor-oʻqituvchilari va 3000 dan ortiq talabalar onlayn va anʼanaviy tarzda ishtirok etdi.

  “Samarqand-2020” tibbiyot oliygohlari talabalarining III Xalqaro olimpiadasining tantanali ochilish marosimida soʻzga chiqqan Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Amrillo Inoyatov, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, Abu Ali ibn Sino nomidagi Tojik davlat tibbiyot universiteti rektori Maxmadshox Kurbonali Gulzoda (Dushanbe, Tojikiston), Ijevsk davlat tibbiyot akademiyasi rektori Aleksey Shklyayev (Ijevsk, RF), Sogʻliq bilimlari universitetining Yevrosiyo sogʻliqni saqlash va ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot markazi direktori Feyzioğlu Aynur (Istanbul, Turkiya), “ANATOMICÁ” jurnali bosh muharriri Barno Ikramova, Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti rektori Dmitriy Ivanov (Sankt-Peterburg, RF), “HRVsimulation” direktori Arnaud Cosson (Fransiya) olimpiada ishiga omad tilashdi.

  Shundan soʻng yosh olimlarning ilmiy ishlari va START-UP loyihalari tanlovi oʻtkazildi.

  Ishtirokchilar oflayn va onlayn tarzda 70 ta seksiyada 35 ta yoʻnalish boʻyicha, shu jumladan “Odam anatomiyasi”, “OXTA”, “Fiziologiya”, “Patologik fiziologiya”, “Patologik anatomiya”, “Sud tibbiyoti”, “Tibbiy muloqotda ingliz tili”, “Tibbiy biologiya”, “Gistologiya, patologiya va embriologiya”, “Mikrobiologiya”, “Tibbiy kimyo”, “Biologik kimyo”, “Farmakologiya”, “Tibbiyot tarixi, bioetika”, “Xirurgiya”, “Neyroxirurgiya”, “Bolalar xirurgiyasi”, “Travmatologiya va ortopediya”, “Anesteziologiya va reanimatologiya”, “Ichki kasalliklar, “ichki kasalliklar propedevtikasi”, “Yuqumli kasalliklar”, “Nevrologiya”, “Urologiya”, “Radiologiya”, “Onkologiya”, “Oftalmologiya”, “Sport tibbiyoti”, “Pediatriya”, “Akusherlik va ginekologiya”, “Terapevtik stomatologiya”, “Ortopedik stomatologiya”, “Xirurgik stomatologiya va yuz-jagʻ xirurgiyasi”, “Bolalar stomatologiyasi”, “Otorinolaringologiya” yoʻnalishlari boʻyicha oʻz bilim va koʻnikmalarini sinovdan oʻtkazdilar.

  Olimpiada gʻoliblari va faol ishtirokchilar 1, 2, 3 darajali diplomlar hamda turli nominatsiyalar boʻyicha taqdirlandilar.

  Xalqaro olimpiada doirasida SamDTU talabalari uchun chet ellik va respublikamizning yetakchi mutaxassislari tomonidan zamonaviy tibbiyotda fundamental fanlar, ilmiy tadqiqot usullari, pediatriya va stomatologiyaning dolzarb masalalariga bagʻishlangan 18 ta master-klass oʻtkazildi.

  Shu kuni Turkiyaning Saglik bilimleri Universitesining Yevrosiyo sogʻliqni saqlash va ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot markazi direktori Feyzioğlu Aynur xonimga universitet ilmiy kengashi qaroriga koʻra, SamDTU professori faxriy unvoni berildi.

  Samarqandda boʻlib oʻtgan “Samarqand-2020” tibbiyot oliygohlari talabalarining III xalqaro olimpiadasi yosh olimlar va talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish, salohiyati va ilmiy izlanishlaridan samarali foydalanish, fundamental va klinik fanlar oʻqitish sifatini yanada oshirish, mamlakatimizda tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash hamda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.










SamDTU matbuot xizmati