Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

Kafedra tarixi

    1930 yilda "umumiy kimyo" kafedrasi tashkil etilgan. Kafedraga 1933 yilga qadar prof. N.L.Merkulovich mudirlik qilgan, 1933-1936 yillarda kafedrani professor L. N. Parfentyev boshqargan.

    1938 yildan boshlab "anorganik ximiya" kafedrasi deb atalib, uni 1946 yilgacha dotsent A.A.Shamshurin boshqargan. Bu yillar mobaynida kafedra xodimlari anorganik kimyoning turli yo'nalishlarida ilmiy-izlanishlar olib borgan va ular tomonidan 30 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etilgan, bitta nomzodlik dissertasiyasi himoya qilingan.

    1946-1964 yillari kafedraga dots.S.F.Babak mudirlik qilgan.Uning rahbarligida kafedrada "Alkalloidlarning kompleks birikmalari pirimidin hosilalari" mavzusida ilmiy-tekshirish ishlari olib borilgan.

    1964 yilda umumiy ximiya kafedrasi bilan biologik ximiya kafedrasi birlashtiriladi va unga dots. I.G.Priyev rahbarlik qildi. Bu davr ichida kafedraning organik ximiya bilan shug'ullanuvchi a'zolari karbazidning yangi sintez usulini ishlab chiqdilar va mikroelementlarning biologik ahamiyatini tadqiq qiladilar. Natijada sog'liqni saqlash amaliyoti uchun muhim ahamiyatga molik bo'lgan yangi xulosalar olindi.

    1977 yil dekabr oyida kafedra bioanorganik va fizikaviy ximya, hamda bioorganik va biologik ximiya kafedralariga bo'lindi. Bioanorganik va fizikaviy ximya kafedrasiga dots. Q.A.Asqarov rahbarlik qila boshladi. Bu yillar kafedrada ilmiy izlanishlarga e'tibor yanada oshdi. Buning samarasi o'laroq kafedrada 4 ta doktorlik (Q.A.Asqarov, D.M.Ivniskiy, M.D.Davronov, B.S.Mirzayev) va 12 ta nomzodlik (S.T.Rashidova, I.M.Muratov, R.T.Toshmatova, Z.Yu.Yunusova, K,I,Iskandarov, M.F.Yulayev, R.A.Dmitrieva, D.Daniyarov, N.Tangiyarikov va boshqalar) tayyorlandi va himoya qilindi. Oltita monografiya 450 dan ortiq ilmiy va o'quv – uslubiy maqolalar nashr etildi. Bu davrda kafedra a'zolari tomonidan 20 ta ilmiy kashfiyot uchun mualliflik guvohnomalari, 2 ta patent 30 ga yaqin ilmiy mulohazalar asoslanib berildi.

    Bioorganik va biologik ximiya kafedrasiga esa prof. V.A.Blinov rahbarlik qildi. Ilmiy tadqiqotlar ko'lami kengaytirilib, kafedra jamoasining diqqat-e'tibori qon tomir sistemasi fiziologiyasi va patologiyasi masalalarini ilmiy asosda tadqiq etishga qaratildi. Bu ilmiy izlanishlar natijasida ko'plab ilmiy-maqolalar chop etildi, bir qancha mualliflik guvohnomlari olindi. 1-ta doktorlik va 6-ta nomzodlik dissertasiyalari himoya qilindi.

    1994 yilning sentyabr oyida bioanorganik, fizikaviy ximiya kafedrasi bilan bioorganik va biologik ximiya kafedrasi birlashtirildi. Kafedra bioanorganik, bioorganik va biologik ximiya kafedrasi deb atala boshlandi. Kafedraga 2012-yilgacha prof. Q.A.Asqarov mudirlik qilgan. 2012 yilning iyul oyidan 2017 yilgacha dotsent Q. T. Sovetov kafedraga mudirlik qildi.

    Kafedraga 2017 yil "Tibbiy va biologik kimyo" kafedrasi nomi berildi va unga tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent Q. M. Xaliqov mudirlik qila boshladi.

    2020 yil avgust oyidan "Tibbiy va biologik kimyo" kafedrasi ikki alohida kafedraga bo`linib" tibbiy kimyo" va "biologik kimyo" nomi berildi.

    “Tibbiy kimyo” kafedrasi mudiri etib Xolmurodova Dilafruz Kuvatovna tayinlandi.Kafedrada universitetning davolash, pediatriya, stomatologiya, tibbiy profilaktika, tibbiy biologiya, xalq tabobati fakul‘tetlarining 1 bosqich talabalariga tibbiy kimyo fani, farmatsiya fakultetining 1-, 2- bosqich talabalariga esa noorganik kimyo, organik kimyo, analitik kimyo, fizik kolloid kimyo, fanlari o‘qitiladi.

    Tibbiy kimyo kafedrasi 2021-yil yangi binoda o‘z ish faoliyatini boshladi. Kafedra zamonaviy laboratoriyalar, televizor, proektor, interaktiv doskalar bilan jixozlangan auditoriyalarga, barcha shart sharoitlarga ega. 2021-yil tibbiy kimyo kafedrasi mudiri dotsent Xolmurodova Dilafruz Kuvatovna doktorlik dissertatsiyasini, 2022-yil tibbiy kimyo kafedrasi assistenti KiyamovaDilfuza Sharifovna fan nomzodlikdissertatsiyasini ximoya qildi. Kafedra assistentlari davlatimiz tomonidan berilayotgan sharoitlardan oqilona foydalanib o‘quv ishlaridan tashqari o‘z ilmiy tadqiqot ishlari ustida xam ish olib bormoqdalar.